yandex
Kreditni to'g'ri to'lashning 5 qoidasi

Kredit olishdan avval, pulni qanday sarflash haqida emas, balki qarz olingan mablag'ni qanday qaytarish haqida o'ylash kerak. Buning uchun har qanday kredit majburiyatini olishdan oldin, bunday moliyaviy yuk sizning byudjetingizga mos kelishini aniqlashingiz kerak.

1. To'lov jadvaliga rioya qiling
Eng avvalo, to‘lovlar grafigini diqqat bilan ko‘rib chiqish va unga maksimal darajada amal qilish lozim – taqvimda to‘lov kiritish sanalarini belgilab qo‘ying. Daromadlaringiz va xarajatlaringizning batafsil tahlilini o'tkazing. Siz moliyaviy hisobingizni yuritishingiz va har oy natijalarni yozib borishingiz mumkin. Shuningdek, daromad va xarajatlarni hisoblab borish uchun mobil ilovani yuklab olishingiz mumkin.

2. Keraksiz xarajatlarni maksimal darajada kamaytiring.
Shuni anglash muhimki, ma'lum xarajatlarni qisqartirmasdan kreditni qaytarish imkonsiz, chunki uning to‘lovlari ham budjetingizning majburiy xarajatlar qismi hisoblanadi.
Barcha daromad va xarajatlaringizni tahlil qiling va faqat eng zarurlarini (masalan, transport xarajatlarini) qoldiring.
Kreditni tezroq so'ndirish uchun nimalardan vaqtinchalik voz kechish mumkinligini maksimal darajada aniqlang. Bunga qimmat odatlardan (alkogol, sigaretalar, xodimlar bilan kafeda tushlik qilish va h.k.) voz kechish ham kiradi.
Yodingizda bo'lsin, bular qarzlardan xalos bo'lishga yordam beradigan vaqtinchalik qat'iy choralardir.

3. 10% qo'shing!
Kreditni muddatidan oldin so‘ndirish, haqiqatan ham, ortiqcha to‘lovlardan tejashga yordam beradi. Kreditni birdaniga to‘lash uchun uni muddatidan oldin so‘ndirishga pul yig‘ishning hojati yo‘q. Har oy to‘lovingizga ozgina mablag‘ qo‘shib borgan ma’qul.
Agar har oy to‘lovingizga kamida 10% qo‘shsangiz, kreditni tezroq yopishingiz va ortiqcha to‘lovlardan tejashingiz mumkin.

4. Moliyaviy yostiq yarating.
Moliyaviy yostiq - bu kutilmagan holatlar uchun ajratilgan mablag‘dir. Yaqin kelajakda nima sodir bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi - ish joyini yo‘qotish, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar va boshqa favqulodda holatlar. Kredit bo‘yicha keyingi to‘lovlarni o‘tkazib yubormaslik uchun moliyaviy xavfsizlik yostig‘iga ega bo‘lish zarur. Bunday holatda moliyaviy yostiqning hajmi kamida 6 oylik umumiy xarajatlaringizga (shu jumladan, kredit to‘lovlariga) teng bo‘lishi kerak. Buning uchun siz onlayn omonat ochib, unga har oy ma’lum miqdorda mablag‘ o‘tkazishingiz mumkin.

Muhim! Bunday zaxira uchun mablag‘ni xarajatlardan keyin emas, balki daromad kelib tushgan zahoti olib qo‘yish lozim. Ushbu "jamg‘arma qutichasiga" muntazam ravishda, hatto kichik miqdorda bo‘lsa ham (maoshning taxminan 10% atrofida) mablag‘ yo‘naltirish, vaqt o‘tishi bilan sezilarli darajada katta summa to‘plashga yordam beradi.

5. To'lov kechikishlariga yo'l qo'ymang!
Oylik to‘lov miqdoriga penya (jarima) hisoblanmasligi uchun kredit to‘lovlarini o‘tkazib yuborishga aslo yo‘l qo‘ymang. To‘lov o‘z vaqtida tushishiga ishonch hosil qilish uchun uni har doim belgilangan sanadan bir necha kun oldin amalga oshiring. Agar to‘lov sanasi dam olish yoki bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa, to‘lovni oldindan amalga oshirish lozim.
Buning uchun nafaqat to‘lov muddatini eslab qolish, balki kerakli mablag‘ni ham oldindan tayyorlab qo‘yish zarur.
Eslatma o‘rnatishni yoki taqvimda to‘lov sanalarini belgilab qo‘yishni tavsiya qilamiz.

Muhim! Kredit shartnomasi va to‘lovlar grafigini saqlab qo‘ying. Uni imzolashdan oldin o‘rganib chiqish uchun o‘zingiz bilan olib ketishga va tushunarsiz bandlar bo‘yicha xodimga savollar berishga haqlisiz.

Kreditni nega to'g'ri so'ndirish muhim?
To‘lovlarning kechikishi kredit tarixingizga salbiy ta'sir qiladi. To‘lovlarni o‘tkazib yuborish kredit tarixini buzadi va bu kelajakda har qanday turdagi kreditlarni olishda qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.